Bir yoshgacha bo’lgan bolalarning jismoniy rivojlanishi
Yetilganlik haqidagi aniq xarakteristika bolaning markaziy nerv sistemasi holatiga qarab beriladi. O’z vaqtida tug’ilgan bolaga ko’pgina spontan harakatlar xos hisoblanadi. Egiluvchan mushaklar guruhining fiziologik gipertoniyasi bu yoshda xususiy mushaklarni ta’minlaydi va gavda, qo’l, oyoqlarni bukilishiga olib keladi. Sog’lom bolalarning qo’llari musht qilib bukilgan, boshi o’rta chiziqda joylashgan yoki bosh va bo’yinning uzun mushaklari tonusining oshishi evaziga biroz orqaga tashlangan bo’lishi mumkin. Nerv sistemasi holatining ko’rsatkichlari yuz motorikasining spontanligi, emotsional reaktsiyalar, tinch va qo’zg’atuvchilarga javob qaytarish, ko’z simptomlari hisoblanadi. Yangi tug’ilgan chaqaloqlarda yuzlari simmetrik, bir xil, ko’z qirqimli va burun – lab burmalari bo’ladi. Tug’ma shartsiz reflekslar bolaning yetilganlik darajasi va uning hayotiy qobiliyatiga qarab, namoyon bo’ladi. SHartsiz reflekslar hayotining birinchi soatlaridayoq kuzatiladi.
Ko’pgina reflekslar ichidan faqat bolaning nevrologik darajasi haqida tasavvur bera oladigan qismigina o’rganiladi.
Oral guruhlar refleksi. Izlovchi refleks “Kussmaulning izlovchi refleksi”. Bola orqa bilan yotqiziladi. Barmoq bilan og’iz oldini, lablarga tegmasdan silash, og’iz burchaklarini tushushini va boshni qo’zg’atuvchi tomonga burilishini ta’minlaydi. Pastki labni o’rtasiga bosish og’izni ochilishiga, pastki jag’ni pastga tushishiga va boshini egilishiga olib keladi. Izlovchi refleks o’z vaqtida tug’ilmagan, chala tug’ilgan bolalarda markaziy nerv sistemasining yetilmaganligining sababli, ko’pincha bo’lmaydi. Uch oylikka kelib, bu refleks yo’qola boshlaydi. Uning uch oylikdan keyin saqlanishi tserebral patologiyalarni keltirib chiqaruvchi xavotirli simptom sanaladi.
Xobatokli (xartumli) refleksi. Bola orqasi bilan chalqanchasiga yotqiziladi. Bu refleks barmoq yoki bolg’acha bilan yuqori labga urish orqali qo’zg’atiladi. Unga javoban og’izning oldidagi muskullar tortishadi va lablar “xartumcha” bo’lib bukiladi. Xartumli refleksning saqlanishi V va VII nervlarning saqlanishi hisoblanadi. Xartumli refleks 3 – 4 oylikdan keyin yo’qoladi. Kattaroq yoshda bu refleksning saqlanishi, odatda tserebral patologiyalarning yuzaga kelishidan dalolat beradi.
So’ruvchi refleks. Bola orqasi bilan chalqanchasiga yotqiziladi. Agar bola og’ziga so’rg’ich yoki ko’rsatkich barmog’ini 3 – 4 sm chuqurlikda solsa, chaqaloqda ritmik so’rish harakatlari boshlanadi. Ovqatlantirib bo’lgandan so’ng bu refleks ahamiyatli tarzda yo’qoladi va bir bir yarim soatdan keyin yana jonlana boshlaydi. Bosh miyaning perenatal jarohatlanishida so’rish refleksi yo’qoladi yoki pasayadi.
Kaft – og’iz – boshli refleks (Babkina). Bu guruh reflekslar yuz, uch boshli, til osti va til yutqun nervlarining holatini aks ettiradi. Bola orqasi bilan chalqanchasiga yotqiziladi. Kaft ichiga bosish og’izni ochilishiga, ba’zan boshini egilishiga, yelkani egilishiga, ko’zni yumilishiga olib keladi. Bola qo’lini musht qilishga harakat qiladi. Bu refleks miyaning giposkik jarohatlanishida bo’lmaydi yoki uni qayta tiklash juda uzoq vaqt talab etadi.
Qo’l reflekslari. Moro refleksi chig’anoq nervining daxliz qismining holatida aks etadi. Bu refleks bola yotgan narsaga qattiq urish asosida (panelli stolga qattiq qo’l bilan urish), shuningdek, chalqancha yotgan chaqaloqni tez ko’tarish orqali qo’zg’atiladi. Javob reaktsiyasi qo’llarni yon tomonga yoyish va musht qilish (birinchi faza), bir necha sekunddan keyin qo’llar avvalgi holiga qaytadi (ikkinchi fazasi). Bu refleks doimiy bo’lib, u odatda sog’lom chaqaloqlarda yaxshi bo’ladi, shuningdek, chala tug’ilgan bolalarda ba’zan, noto’liq (faqat birinchi faza) bo’lishi yoki umuman bo’lmasligi mumkin. Agar bu refleks keyinchalik kuzatilmasa, demak, tserebral buzilish borligini bilish mumkin (giposkik entsepalopatiya, yadroli sariqlik va boshqalar). SHu bilan birga agar refleks bir tomondan bo’lmasa, unda yelka singanligini, tug’ma yoki travmatik pereferik paralichni kuzatish mumkin. Normada Moro refleksi 3 – 4 oylikkacha saqlanib qoladi.
CHangallovchi refleks hamma yangi tug’ilgan chaqaloqlar hayotining birinchi minutidan yaxshi va saqlangan bo’ladi. Bola orqasi bilan chalqanchasiga yotqiziladi. Agar ko’rsatkich barmoqni bolaning kaftiga qo’lining atrofiga tegilmasdan bosilsa, bola o’zining barmoqlarini bukib, tekshiruvchining barmog’ini mahkam bosib oladi. Ba’zan bola barmoqni shunday qattiq kuch bilan qisib, ushlab oladiki, uni yuqoriga ko’tarish mumkin (Robinzon refleksi). Changallovchi refleksning yo’qligi deyarli doimo pereferik nervlar patologiyasi yoki tserebral jarohatlardan dalolat beradi. Refleks chala tug’ilgan bolalarda bo’lmasligi mumkin. 3 – 4 oylikda bu refleks shartli shakllanadi, bola o’yinchoqlarni maqsadli ushlay boshlaydi. CHangallovchi refleksning 4 oylikdan keyin turg’un saqlanishi, muskullar gipertoniyasi va markaziy nerv sistemasi patologiyasidan dalolat beradi. CHaqaloqning 2 va 3 barmoqlariga bosish orqali barmoqlarni bukuvchi tonik refleksni qo’zg’atish mumkin (Verkom simptomli quyi changallovchi refleks). Bu refleksning bo’lmasligi eng avvalo orqa miyaning jarohatlanganligidan dalolat beradi.
Oyoq reflekslari. Vertikal holati baholanadi. Chaqaloqlarning avtomatik yurish va tayanch reflekslari. Vertikal holat. Chaqaloqlarda turishga tayyorgarlik yo’q. Lekin, ular tayanch reaktsiyalariga ega. Agar bolani ko’tarib, boshini orqa tomondan ko’rsatkich barmoq bilan ushlansa, u oyoqlarini qimirlatadi, oyoqlarini cho’zib, gavdasini to’g’rilaydi, oyoqlarini tik holatda ushlaydi. Tayanch oyoq uchida va oyoqlarni kesishtirgan holda bo’lishi mumkin. Ammo, bu piramidali noto’kislikni bildiradi. Agar bolani sekin oldinga egiltirsak, u qadam tashlash harakatlarini bajaradi (chaqaloqlarning avtomatik yurishi). Qadam tashlash harakatlarida qo’llar intakt holatida bo’lib, muvozanat reaktsiyalari bo’lmaydi. Bunda chaqaloqda oyoqlar tizzaga bukilgan bo’ladi. Ba’zan yurishda chaqaloqlar oyoqlarini bukib oladi va to’xtaydi. Yurish reflekslarining pastlashuvi orqa miya segmentlarining patologiyasidan dalolat beradi. Tayanch va avtomatik yurish reflekslari 2 oylikda yo’qoladi.
Gavda reflekslari.
Bola qorin bilan yotqizilganda yuzaga keladi.
Himoyalovchi refleks. Agar chaqaloqni qorni bilan yotqizsak, unda reflektor ko’tarilish yoki boshini bir tomonga burish kuzatiladi. Himoyalovchi refleksning pastligi asfiktsiya bilan tug’ilgan bolalarda kuzatiladi. Himoyalovchi refleksning yo’qolishi orqa miyaning yuqori bo’yin segmentlarining jarohatlanishida va kam hollarda bolaning bosh miya patologiyalarida kuzatiladi (reflektor faoliyatning oli y boshqaruv mexanizmlarining buzilishi hisobiga). Himoyalovchi refleks sog’lom chaqaloqlarda juda aniq namoyon bo’ladi, yarim oydan keyin bola boshini o’zi tutishga harakat qiladi.
Galant refleksi. Bola qorin bilan yotqiziladi. CHaqaloqning orqa miya yaqinidagi terisiga qo’zg’atuvchi ta’sir etilganda, uegilib, qo’zg’atuvchi tomonga ochiq bukilma hosil qiladi va boshini shu tomonga buradi, oyog’i shu tomonga mos bukiladi. Bu refleks hayotining birinchi kunlarida zaif bo’lib, hayotining 5 – 6 kunlarida yaxshi namoyon bo’ladi. Galant refleksining yo’qligi, odatda, orqa miyaning patologiyasidan dalolat beradi. Refleks, odatda 2 – 3 oylikkacha saqlanib qoladi.
Sudralish refleksi (Bauer).Bola qorin bilan yotqiziladi, bosh o’rta chiziqda. Bola bu holatda sudralish harakatlarini bajaradi (spontan sudralish). Agar bolaning tovoni ostiga kaft qo’yilsa, bola reflektor tarzda uni oyoqlari bilan itarib yuboradi va sudralish tezlashadi. Bolani yonboshlab yoki orqa bilan yotqizilsa, bu harakatlar sodir bo’lmaydi. Bunda qo’l va oyoqlarning koordinatsiyasi kuzatilmaydi. Sudralishga o’xshagan haraktlar yangi tug’ilgan chaqaloqlarda hayotining 3 – 4 kunida namoyon bo’ladi. Sudralish refleksining pasayishi yoki yo’qligi orqa miyaning jarohatlanganligidan dalolat beradi.
Peri refleksi. Bola qorin bilan yotqiziladi. Agar barmoq bilan umurtqaning bo’yinga birikkan o’simtalariga yengil bosilsa, bola chinqiraydi, boshini ko’taradi, orqasini bukadi, tosini ko’taradi, qo’l va oyoqlarini bukadi. Bu chaqaloqlarda salbiy reaktsiyalar qo’zg’atadi, shuning uchun, ularni oxirida tekshirish talab qilinadi. Peri refleksning yo’qligi qo’pol tserebral buzilishlardan dalolat beradi. Refleks 3 oylikka yaqin asta – sekin kuchsizlanib boradi va yo’qoladi.
Paylarning refleksi. Sog’lom yangi tug’ilgan chaqaloqlarda paylar refleksini ko’proq tizzada kuzatish mumkin. Ular tug’ilgan zahotiyoq yaxshi namoyon bo’ladi. Taxminan 10 % bolalarda reflektor reaktsiya bir oyoqdan boshqa oyoqqa o’tkazishda qo’zg’atiladi. Tovondagi refleks va yelkadagi ikki boshli muskullar refleksi doimo qo’zg’atilmaydi; ular zaif ifodalangan. Agar barmoqni ikki boshli muskul payi ustiga qo’yilsa va bosib turilsa, qo’l bilan to’piq ushlab turilsa, tezroq javob reaktsiyasini sezish mumkin. Sog’lom tug’ilgan chaqaloqlarda ba’zan hayotining birinchi kunida bitta yoki ikkala to’piqda ham klonusli qo’zg’alish bo’lishi mumkin. To’piqlardagi klonuslar patologik simptomlar ham bo’lishi mumkin. Bunday hollarda ular ko’proq ikki tomonlama, doimiy va ba’zan tizza, tovon reflekslarining qo’zg’alishlari bilan birga keladi. Qorin reflekslari, odatda, zaif bo’ladi yoki umuman bo’lmaydi, faqat qo’zg’atuvchiga nisbatan yengil mushaklar qisqarishi kuzatiladi. Kramester refleksi tez qo’zg’atiladi va anif namoyon bo’ladi.
Ko’ruv refleksi.Chaqaloqlarda ko’ruv funktsiyasi hamma nurli qo’zg’atuvchilarga umumiy reaktsiya sifatida namoyon bo’ladi. Agar uxlayotgan chaqaloqning ko’zi oldiga yorqin lampa qo’yilsa, unda qovoqlarini qattiq yumishini kuzatish mumkin (ko’rmaslik refleksi). Ko’zi ochiq paytda bola bukilib oladi, uning peshonasida vertikal chiziqlar va burun ildizi atrofida gorizontal chiziqlar paydo bo’ladi, u yorug’likka qarama – qarshi tomonga o’girilishga harakat qiladi. Juda yorug’ nurga bola qattiq qimirlash yoki qattiq ovoz bilan ta’sir ko’rsatadi. Ba’zan bunday holatda, ko’zlarini yumadi, qovolarini yashiradi va boshini egadi – Peyper refleksi. Refleks bola vertikal holatda bo’lganda yaqqol namoyon bo’ladi.
Eshituv. Balanda tovush, ovoz, metall predmetga qattiq urishdan hosil bo’ladigan ovozga bola ko’zini yumadi, peshonasini tirishtiradi, uning yuzida yig’lashdagi holat namoyon bo’ladi, nafas olishi tezlashadi, u boshini ovoz kelgan tomonga burishga harakat qiladi. Agar bolaning ko’zlari yumuq bo’lsa, qovoqlari yanada qattiqroq yumiladi. Ba’zan harakatlantiruvchi raektsiya boshqaruvchi bo’lishi mumkin. Masalan, bola qo’llarini uzatadi, barmoqlarini yoyadi, og’zini ochadi, so’rish harakatlarini qiladi. Baland ovozga reaktsiya berish ko’z olmasining harakatlari, qisilishi va qorachiqning kattalashuvi bilan birga kelishi mumkin (Koxleopupillyar refleks).